𝗕𝗲𝗹𝗮𝗿𝘂𝘀𝗴𝗮 𝗾𝗮𝗻𝗱𝗮𝘆 𝗯𝗼𝗿𝘀𝗮 𝗯𝗼‘𝗹𝗮𝗱𝗶? — 28 июля 2026 г. в 08:18:05.517
𝗕𝗲𝗹𝗮𝗿𝘂𝘀𝗴𝗮 𝗾𝗮𝗻𝗱𝗮𝘆 𝗯𝗼𝗿𝘀𝗮 𝗯𝗼‘𝗹𝗮𝗱𝗶? O‘zbekiston hamda Belarus Respublikasi o‘rtasidagi oliy darajadagi kelishuvlar va do‘stona hamkorlik aloqalari o‘zining amaliy mevalarini bermoqda. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi izchil hamkorlik natijasida o‘zbekistonlik fuqarolar uchun Belarusning yirik korxona va tashkilotlarida yuzlab kafolatlangan bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda. Mazkur dasturning eng e’tiborli va afzallik tomonlaridan biri — yurtdoshlarimiz nafaqat munosib ish bilan ta’minlanadi, balki oila a’zolari bilan birgalikda Belarus Respublikasi hududida qonuniy yashash va mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, taklif etilayotgan ish o‘rinlari bo‘yicha maosh miktori nomzodning kasbiy malakasi va ish tajribasiga qarab 700 AQSH dollaridan boshlanadi. Yuqori malakali, o‘z ishining ustalari bo‘lgan mutaxassislar uchun esa bundan ham yuqori daromad stavkalari ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda Belarus mehnat bozorida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tajribali kadrlarga ehtiyoj yuqori: Sanoat va qurilish: Qurilish sohasi mutaxassislari, payvandchilar hamda metallni qayta ishlash ustalariga; Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi: Agrar soha xodimlari, chorvadorlar va veterinariya mutaxassislariga; Texnika va transport: Traktor, ekskavator hamda yuk avtomobili haydovchilariga. 𝗡𝗼𝗺𝘇𝗼𝗱𝗹𝗮𝗿𝗴𝗮 𝗾𝗼‘𝘆𝗶𝗹𝗮𝗱𝗶𝗴𝗮𝗻 𝘀𝗵𝗮𝗿𝘁𝗹𝗮𝗿 𝘃𝗮 𝗶𝗺𝘁𝗶𝘆𝗼𝘇𝗹𝗮𝗿 Dasturda 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishlari mumkin. Haydovchilik va maxsus texnikalarni boshqarish bilan bog‘liq vakansiyalarga da’vogarlardan tegishli haydovchilik guvohnomasi va malaka tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. Muhim: Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun taqiq («zapret») qo‘yilgan fuqarolar ushbu dastur doirasida Belarusga ishga joylashtirilmaydi. Ish beruvchi korxonalar tomonidan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator moliyaviy yengilliklar yaratilgan. Jumladan, quyidagi xarajatlar to‘liq ish beruvchi hisobidan qoplanadi: Belarus Respublikasiga borish uchun aviachipta yoki yo‘l xarajatlari; Bepul va shinam yotoqxona; Barcha zaruriy me’yoriy va huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirish. Mutaxassislarning alohida uqtirishicha, xorijiy davlatlarga mustaqil ravishda, ya’ni nobop yo‘llar bilan borish fuqarolarning turli qiyinchiliklarga duch kelishi va noqonuniy mehnat tuzog‘iga tushib qolish xavfini oshiradi. Davlat nazorati ostidagi tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashish esa fuqarolarimizga ishonchli ish beruvchi, rasmiy mehnat shartnomasi va kafolatlangan ijtimoiy himoyani ta’minlaydi. Batafsil ma’lumotlarni 1282 qisqa raqami orqali olish hamda rasmiy havolalar orqali ariza topshirish mumkin.

